Davlat boshqaruvi tizimidagi konstitutsiyaviy islohotlar
Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan mamlakatimiz davlatchilik va huquqiy tizimida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun imzolandi. Ushbu tarixiy hujjatning mazmun-mohiyati va ahamiyatini keng jamoatchilik hamda mutaxassislarga tushuntirish maqsadida “Issiqlikta’minoti” AJ markaziy apparatida ham uchrashuv tashkil qilindi.
Ta’kidlanganidek, ilgari Prezident Administratsiyasining davlat organlari bilan qanday munosabatda bo‘lishi va ishlashi bo‘yicha yagona qonun yo‘q edi. Bu qonun ana shu bo‘shliqni to‘ldirdi hamda Administratsiya faoliyatini xalqaro standartlarga moslashtirdi.
Administratsiya bevosita Prezidentga bo‘ysunadi va hisob beradi. Prezident farmon va qarorlari loyihalarini tayyorlaydi va ularning ijrosini qat’iy nazorat qiladi. Aholi va tadbirkorlarni qiynayotgan muammolarni o‘rganish va ularga yechim topish asosiy vazifalardan biri etib belgilandi.
Ushbu qonun davlat idoralarining xalqqa yanada ochiq va shaffof xizmat qilishiga, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning yanada samarali bo‘lishiga xizmat qiladi.