Mahalliy ishlab chiqaruvchi o‘z mahsulotlari haqida ma’lumot berdi
Toshkentda issiqlik ta’minoti tizimlarini modernizatsiya qilish va sohaga zamonaviy, tejamkor texnologiyalarni joriy etishga bag‘ishlangan taqdimot tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda «Issiqlikta’minoti» AJ rahbariyati, hududiy issiqlik korxonalari mutasaddilari, yetakchi loyihachi va quruvchi tashkilotlar vakillari hamda soha ekspertlari ishtirok etdi. Tadbirda “Texnopark” tomonidan ishlab chiqarilayotgan va taklif etilayotgan zamonaviy issiqlik qozonlari, muqobil energiyaga asoslangan issiqlik nasoslari, individual issiqlik punktlari (IIP) haqida ma’lumot berildi.
Taqdimotda asosiy e’tibor qurilmalarning iqtisodiy tejamkorligi, energiya sarfini sezilarli darajada kamaytirishi hamda atrof-muhitga zararli chiqindilarni kamaytirishdagi roliga qaratildi. Ishtirokchilar real raqamlar va hisob-kitoblar misolida yangi tizimlarning samaradorligi bilan tanishdi.
Shuningdek, tadbirda qurilmalarga texnik xizmat ko‘rsatish, ularni sifatli montaj qilish va uzoq muddatli kafolatli servis masalalari bo‘yicha ham ma’ruzalar qilindi.