16.01.2026
Issiqlik korxonalari rahbarlariga mas’uliyatni yanada oshirish uqtirildi
Bugun “Issiqlikta’minoti” AJ boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Sherzod Sultonov Jamiyat tarkibiga kiruvchi hududiy korxonalar rahbarlari va xodimlar uchun onlayn yig‘ilish o‘tkazdi.
Asosiy e’tibor, aholini uzluksiz va sifatli markazlashgan issiqlik energiyasi bilan ta’minlash masalasiga qaratildi.
Yig‘ilishda issiqlik mavsumi davomida yuzaga kelayotgan muammolar, avariya holatlarning oldini olish, ta’minot tizimlarini o‘z vaqtida va sifatli texnik ko‘rikdan o‘tkazish hamda profilaktik ta’mirlash ishlarini jadallashtirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, issiqlik tarmoqlaridagi yo‘qotishlarni kamaytirish, quvurlar va uskunalarning texnik holatini doimiy nazoratda ushlab turish zarurligi ta’kidlandi.
Bundan tashqari, aholidan kelib tushayotgan murojaatlar bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish, fuqarolarga tezkor va sifatli javob qaytarish, joylarda mas’ul shaxslarning shaxsiy javobgarligini kuchaytirish vazifalari belgilab berildi.
Qo‘shimcha qilish lozim, “Issiqlikta’minoti” AJda markaziy dispetcherlik xizmati tashkil qilingan bo‘lib, shu yerning o‘zidan hududiy dispetcherlik xizmatlari onlayn nazorat qilib boriladi.