23.09.2025
Jizzaxda ham markazlashgan issiqlik yaxshilanadi!
Hozirda Prezidentimizning 2024 yil 24 dekabrdagi PQ-454-son qaroriga asosan Jizzax shahridagi RK-1 qozonxonasiga kogeneratsiya* texnologiyalarini joriy qilish, IIPni o‘rnatish bo‘yicha loyiha amalga oshirilmoqda.
Bugun “Issiqlikta’minoti” AJ boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Sherzod Sultonov ushbu ishlarning borishini ko‘zdan kechirish maqsadida Jizzax viloyatiga xizmat safari bilan keldi.
Dastlab, davlat investisiya dasturi asosida amalga oshirilayotgan RK-1 qozonxonasi qurilishi bilan tanishildi.
Loyiha bo‘yicha jami 6,2 kilometr markaziy quvurlar tortilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kunda 1 kilometri yakuniga yetdi. Shuningdek, bir vaqtning o‘zida ko‘p qavatli uylarning ichki tizimlari, yerto‘ladagi yotiq va tik quvurlar montaj qilinib, IIP uchun xonalar tayyorlanmoqda.
Qozonxona 25 MVt issiqlik hamda 4,5 MVt elektr energiyasi ishlab chiqaradi.
2026/2027 yil mavsumda qurilish ishlari yakunlanadi. Natijada, Jizzax shahridagi 100 ga yaqin ko‘p qavatli uy, ijtimoiy soha ob’yekti markazlashgan issiqlik bilan ta’minlanadi.
*Kogeneratsiya — bu bir vaqtning o‘zida elektr energiyasi va issiqlik energiyasini ishlab chiqarish.